Aziz o’quvchim! Bu kitobchani qariyb
qirq yil yozdim. Bular mening Kuzatuvlarim. O’ylarim… bir qadar
armonli, bir qadar istehzoli, bir qadar tabassumli. Xulosalarim...
aslida, ularning har birini alohida asar qilsa ham bo’lardi-ku...
mayli... Men bularni uzoq o’ylab yozganman. Iltimos, Siz ham kitobni
shoshilmasdan, o’ylab o’qisangiz...
Muallif
O'ylar
Tabiat.
Jamiyat. Inson.
“Tabiat
gultoji”
Kiyik och qolmaslik uchun ko’kat yeydi. Amma
bir-birini o’ldirmaydi. Sher och qolmaslik uchun kiyikni yeydi. Ammo
bir-birini o’ldirmaydi. Odam ko’katni ham yeydi. Kiyikni ham yeydi.
Ko’ngil hushi uchun sherni ham o’ldiradi… Keyin.. urush qilib,
bir-birining boshini yeydi…
Darvinga
e’tiroz
Darvin ta’limoti noto’g’ri. Odam maymundan emas,
maymun odamdan tarqagan. Oyog’i yerdan uzilmaganlar odam bo’lib
qolgan. Oyog’I yerdan uzilganlar esa maymun bo’lib daraxtga chiqib
ketgan… Bu jarayon hamon davom etmoqda…
Eng aqlli jonivor
Dunyoda eng
aqlli jonivor-baliq! Birinchidan, soqov. Ikkinchidan, muttasil
dumini likillatadi!
Haqiqat
Shu qadar shirinki, totib
ko’rging keladi. Shu qadar achchiqki, tilingni kuydiradi!
Qaldirg’och
E’tibor berganmisiz:
qaldirg’ochlar fayzsiz, noahil xonadonga hech qachon in qurmaydi.
Goho qaldirg’och odamdan aqlliroqmikin, deb o’ylab qolaman.
Atlantika okeani ustida
Tepada bir
ummon, pastda bir ummon,
Ikki dengiz aro kechar lahzalar.
Xayolga tolaman: men o’zi kimman?
Ojiz va notavon zarra… alhazar!
Oshkoralik
Oshkoralik shunday
daraxtki, uning mevasini eng avval chinqiroq maymunlar yeydi.
Xavfli odam
Yaxshigayam, yomongayam birdek yaxshi
ko’rinishga urinadigan odam eng xavfli odamdir!
Inson va shayton
Ba’zilarga hayron
qolasiz. Qilg’ilikni qilib qo’yadi-da, “bilmay qoldim, shayton
yo’ldanurdi”, deydi... To’g’ri, odamzot qonida shayton vasvasasi
aylanib yurishi-bor gap.
Ammo.. Shunaqangi erkaklar borki, qirqta
urg’ochi shaytonni bolalatib tashlaydi. Shunaqangi ayollar borki,
qirqta erkak shaytonni aliment to’laydigan qilib qo’yadi...
Hamma
aybni shayton sho’rlikka to’nkayvermang!
Ayol qalbi
Ayol qalbi teskari
magnitga o’xshaydi: yaqinlashsang-uzoqlashadi,
uzoqlashsang-yaqinlashadi.
Hushyor bo’ling
Ayol sizni juda
qattiq sevsa, hushyor bo’ling. Otashin muhabbat-rashkka, rashk-
shubhaga, shubha-xudbinlikka, xudbinlik-dushmanlikka aylanishi
mumkin.
Go’dak isi
Ayol go’dak isini
birinchi farzandi tug’ilganidayoq his etadi. Erkak esa go’dak isi
nimaligini nevarali bo’lganidan keyin anglaydi!... Biz-erkaklar doim
kechikib yuramiz…
Otalar va bolalar
U oddiy odam edi. Hammolchilik qilardi. To’rt qiz, uch o’g’ilni
oyoqqa turg’azdi. O’g’illarini uylantirdi. Qizlarini chiqardi.
Hammasini uyli-joyli qildi.
Ko’z yumayotganida “hammalaringdan
mingdan-ming roziman”, dedi...
Qarashsa, kafanligi yo’q ekan…
Gumroh bandalar
Odamlarga hayronsan.
Ota-onasi tirikligida ikki og’iz shirin so’zni tekinga aytmaydi-da,
ular o’lganidan keyin ming-ming pul sarflab, o’sha so’zlarni
qabrtoshga yozdirib qo’yadi...
Kulgi va
yig’i
Kulishni bilmaydigan odam-baxtsiz odam. Yig’lashni
bilmaydigan odam esa ikki hissa baxtsiz!
Asl aynimas
Sopol tovog’ing sinsa,
dod sol: kesakka aylanadi. Tilla idishing sinsa, parvo qilma: bahosi
tushmaydi!
Yuk ko’targan...
“Yuk ko’targan odam
yuzaga chiqadi”, deydilar... Chiqadi. Albatta chiqadi! Faqat yuk
ko’targanni ko’tarib yuboradigan Qo’l bo’lsa bas!
Baxtli va baxtsiz
Baxtli odam xudbin
bo’ladi: baxtsizlarga achinmaydi. Baxtsiz odam ham xudbin bo’ladi:
baxtlilarga g’ayirligi keladi.
Da’vo
Donolik bilan nodonlik shu qadar yaqinki, odam donolikni qancha ko’p
da’vo qilsa, shuncha nodon bo’ladi!
“Bilimdon”
“ Ayol qavmini ipidan
ignasigacha bilaman”, deysizmi? O-o-o, siz daho ekansiz!
Aytingchi, sharqdan sekundiga besh-yetti metr tezlikda esayotgan
shamol o’n daqiqadan keyin shimolga buriladimi, janubgami? Yarim
soatdan keyin izg’iringa aylanadimi, bo’rongami?...
Xudoning qudrati
Tabiat shunaqangi qudratliki, hohlasa,
gulshanning qoq o’rtasida sassiq alaf o’stiradi. Hohlasa, botqoqning
qoq o’rtasida nilufarni gullatib qo’yadi...
Laylak
Ona yosh edi. Ona navjuvon
edi. Bola g’or edi, bola go’dak edi...
Kunlarning
birida ona-bola qishloqqa –uzoq qarindoshlarinikiga boradigan
bo’lishdi. Ona qaddini g’oz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa
alang-jalang qilib atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq
guzarida yarmini yashin uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan.
Bola daraxtni ko’rib angrayibqoldi: chinorning tarvaqaylab o’sgan
shoxida supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’i,
tumshug’i uzun bir qush turar edi.
Bola mo’jiza ko’rgandek taqqa
to’xtab qoldi.
- Anavi nima, oyi?- dedi o’sha tomondan ko’z
uzmay.
-Laylak, o’g’lim, laylak!- ona o’g’lining boshini silab
qo’ydi. – Yura qol, jonim.
Bola hech qachon bunaqa qushni
ko’rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to’xtab
qoldi.
-Nima u, oyi? –dedi tag’in chinor uchiga ko’z tikib.
-Laylak, o’g’lim, laylak.
- Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona
kuldi:
- Bir oyog’i charchagandir-da. Yura qol, jonim.
Bola
hech qachon bunaqa qushni ko’rmagan edi. Qush negadir bo’ynini
cho’zib tumshug’ini osmonga qaratib silkitar, shunda “tarak-tarak”
degan ovoz eshitilardi.
Bola tag’in to’xtab qoldi.
- Nima o’zi
u, oyi?
Uning ko’zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona
shoshib turardi. Mingta yumushi bor edi. Hali shaharga qaytishi
kerak.
-Laylak dedim-ku, jinnivoy,- deb ohista egilib,
o’g’lining yuzidan o’pdi. – senga salom beryapti-da.
Ona yosh
edi. Ona navjuvon edi.
... Oradan o’ttiz besh yil o’tdi. Bola
yigit bo’ldi. Ona keksayib qoldi. Oyog’idan mador, ko’zidan nur
ketdi.
Kunlardan birida ona-bola ittifoqo yana o’sha qishloqqa
borib qoldilar. Yigit qaddini g’oz tutib tez-tez yurib borar, ona
esa toliqqan oyoqlarini, og’ir-og’ir ko’tarib bosgancha harsillab
kelardi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor
ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o’sgan shoxida hamon
supradek kattakon uya qorayib ko’rinar, uyada esa oyog’I, tumshug’i
uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo’ydi-yu qadamini
tezlatdi.
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko’zlarini
chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib
turgan narsa ko’ziga g’alati ko’rindi.
- Anavi nima, o’g’lim? –
dedi to’xtab.
-Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to’rt qadam yurib
yana to’xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib
ko’rinyapti. Qiziq...
-Nima, o’g’lim? – dedi ko’zlarini
pirpiratib. O’gil taqqa to’xtadi. G’ashi keldi. O’zi shoshib
turibdi: mingta ishi bor! Odam qariganidan keyin ezma bo’lib
qolarkan-da!
-Laylak! –dedi jerkib. –Laylak deyapman-ku,
karmisiz!
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi.
Nachora, yigit yosh, yigit navqiron. Uning yumushi ko’p. hali
shaharga qaytishi kerak… Uning yumushi ko’p. hali shaharga qaytishi
kerak… Uning g’or, go’dak bolalari bor…
Tarix “xatosi”
To’qqizinchi asr.
Muhammad al- Xorazmiy algebra faniga asos soldi.
O’ninchi asr.
Abu Nasr Forobiy Aristotelning “Metafizika” asariga ehg mukammal
sharh yozib, “ikkinchi ustoz” unvonini oldi.
On birinchi asr. Abu
Rayhon Beruniy Yer bilan Oy o’rtasidagi masofani o’lchadi. Ibn Sino
medetsina Qomusi- “Tib qonunlari” ni yaratdi.
O’n to’rtinchi asr.
Sohibqiron Amir Temur Yevroosiyoning yarmini tasarrufga oldi. Ahli
ilm boshini silab, o’lmas obidalar yaratdi.
O’n beshinchi asr.
Ulug’bek 1019 yulduzning harakat jadvalini tuzdi. Alisher Navoiy
o’lmas “Xamsa” sini yozdi.
O’n oltinchi asr. “Boburnoma” olamga
tarqaldi.
O’n yettinchi asr. Shoh- Jahon dunyodagi yeti mo’jizaning biri-
“Tojmahal” ni bunyod etdi.
Yigirmanchi asr. O’zbek-sovet olimlari
misli ko’rilmagan “ixtiro” qildilar: tarix “xato” sini tuzatib,
o’tmishda biz yoppasiga “savodsiz” bo’lganimizni isbotlab berdilar…

Umr
Tanishdilar…
Sevishdilar…
Turmush qurdilar…
Farzand ko’rdilar…
To’ng’ichi nimjonroq edi. Kasal bo’lib, ko’p kuydirdi…
O’rtanchasi o’yinqaroq edi… Qamalib chiqdi…
Kenjasi qiz edi… Erkaroq o’sdi. Turmushi buzildi…
Bir kuni
erkak kechasi uyg’onib ketdi. Uzoq o’y o’ylab yotdi. Qarasa, ayoli
ham uyg’oq ekan.
- Onasi,- dedi. - - Dunyoga kelib nima ko’rdik
o’zi?
- Bilmasam, - dedi ayoli xo’rsinib…
..Bobotoqqa
borganimda qurib qolgan ikkita daraxtniko’rgandim. Ikkalasi
bir-biriga suyani-i-ib turardi...
Kuchsizniki-kuchli
Kuchli odamning g’azabidan qo’rqmang.
Ojiznikidan qo’rqing! Kuchli to’ksa, o’z g’azabini to’kadi. Ojiz esa
o’z g’azabi bilanbirga o’zgalardan ko’rgan sitamini ham qo’shib
sochadi...
Tarnov
Erta bahor
edi. Hordiq kuni edi. Kech turdim. Hovliga tushsam, havoning avzoyi
buzuq. Yuvunib chiqib qarasam, tunuka tom peshidagi tarnov bir
tomonga qiyshayib yotibdi. Qishda yoqqan qor zalvoridan qiyshayib
qolgan shekilli… Qatiqroq shamol bo’lsa, tushib ketadigan…
Yo’lakda yotgan narvonni ko’tarib kelib tomga tiraguncha tinkam
quridi, zax tortib, zildek bo’p ketibdi.
Narvon zinasiga oyoq
qo’yishim bilan ayvondan onam tushib keldi.
- Nima qilmoqchisan?-
dedi ko’zimga termulib.
- Hozir,- dedim beparvo qo’l siltab.-
Tarnov qiyshayib qopti.
- Shoshma, bolam, avval choyingni ichib
ol...
- Hozir tushaman.
Shunday dedim-u narvonga tirmashdim.
Tomga chiqishim bilan pastdan onamning xavotirli xitobi eshitildi:
- Ehtiyot bo’l, tom labiga borma!
- Uyga kirsangiz-chi! – dedim
og’rinib.
Tunuka tomni taraq-turuq bosib, qiyshaygan tarnov
oldiga keldim. Uvallo urinaman, tarnov la’nati o’nglansa qani!
Zanglab ketganmi, bo’yo’g’i yopishib qolganmi...
Aksiga olib,
yomg’ir shivilay boshladi. Avvaliga tomchilab turdi-da, keyin
shiddat bilan yog’ib ketdi. Tom labida o’tirgancha, tarnovini
qo’shqo’llab surishga urindim. Qilt etmaydi!
Pastdan yana
onamning ovozi keldi:
- Menga qara, bolam.
Narvon oldiga
qaytib keldim.
- Nima deysiz?
- Jon bolam, mana buni kiyib
olgin...
Qarasam, onam bir qo’li bilan narvonni changallagancha,
ikkinchi qo’lidato’n ushlab turibdi. Yupqa ro’moli, nimchasi ho’l
bo’lib ketgan...
Xunobim oshdi.
- Hozir tushaman, dedim-ku!
Men yosh bolamanmi?
- Shamollab qolasan!
- Obbo! Siz uyga
kiravering! Hozir tushaman.
Shunday deb, tag’in tarnov oldiga
qaytdim. Jahl bilan tarnovni mushtlay boshladim.
Bir mahal
pastdan yana ovoz keldi:
- Ada! Adajon!
- Ha! – dedim battar
xunob bo’lib.
- Varragim yirtildi!
Qarasam, yetti yashar
o’glim hovli o’rtasida turibdi. Oyog’i ostida yirtilib, qamishlari
qovurg’adek turtib chiqqan varrak loyga qo’rishib yotibdi. O’zi
ko’ylakchan. Boshyalang. Yomg’ir ostida diydirab turibdi.
-uyga
kir, Farruh!- dedim baqirib.- Uyga kir, shamollab qolasan!
Quloq
solsa qani! Goh varragiga, goh menga qaraydi. Kapalagim uchib ketdi!
Tomda sirg’alibsirg’alib, narvon tomon yugurdim.
Uch-to’rt
pillapoya tushib qarasam, onam hamon narvon oyog’ini changallab
turibdi. Ro’moli jiqqa ho’l bo’lib, sochlariga yopishib qolgan…
Bir qo’li Narvon oyog’ida. Bir qo’lida to’n…
Inson
Inson shu qadar buyukki,
uning fazilatlarini o’lchash- dunyodagi eng baland tog’ning eng
baland cho’qqisiga emaklab chiqish zahmati bilan teng. Inson shu
qadar tubanki, uning illatlarini o’lchash- dunyodagieng baland
tog’ning eng baland cho’qqisidan emaklab tushish zahmati bilan teng.
“Otchopar” da
“Otchopar” bozorida eski do’stimni uchratib
qoldim. Matematik... Olim... Sigaret sotib o’tirgan ekan... Meni
ko’rib ko’zini yashirdi. Men ham burilib ketdim… Ikkalamiz
bir-birimizdan nega uyalganimizni bilmayman. Negadir.. yig’lagim
keldi…
Farishtalar
Xonadoningizda keksa odam bormi? Baxtli ekansiz! Dunyo
tashvishlaridan to’yib ketsangiz shularni ziyorat qiling: hayot
abadiy emasligini o’ylab, taskin topasiz.
Xonadoningizda go’dak
bormi? Siz ham baxtli ekansiz... dunyo tashvishlaridanto’yib
ketsangiz, go’dakni bag’ringizga bosing: hayot abadiy ekanini
o’ylab, taskin topasiz...
Eng oliy
tuyg’u
Eng toza tuyg’u nima?
Birinchi maoshingizni
keltirib berib, otangizning duosini olganingizmi?
Birinchi marta
sovg’a keltirib berganingizda onangizning ko’zida qalqigan yoshmi?
Birinchi bo’sami?
To’y kechasidagi hayajonlarmi?
Nogahon ko’z
yumgan onangizning qabrini silab yig’laganingizmi?
To’ng’ich
farzandingizni ilk bor maktabga yetaklab borganingizmi?
Hammasi…
hammasi pokiza tuyg’ular… Ammo…
Bola emizib o’tirgan ayolga
zimdan razm soling... go’dagiga termulib bola emizayotgan onaning
ko’zlariga sinchikla-a-a-b tikiling...
Eng oily tuyg’u nimaligini
shunda ko’rasiz!
Rost va yolg’on
Haqiqatdan
qo’rqqan odam yolg’onning panasiga berkinadi.
Xom sut emgan banda
Odam uchta
narsaning qadrini doim kechikib biladi. Yoshlik. Sog’lik. Tinchlik.
Gunohi- azim
Do’stni ho’rlash-gunoh.
Umr yo’ldoshini ho’rlash- yuz hissa gunoh. Ota-onani ho’rlash- ming
hissa gunoh. Go’dakni ho’rlash- cheksiz gunoh.
Qismat
Inson hayoti shatranj
taxtasidagi piyodaning yurishiga o’xshaydi. Goh oq katakdan o’tadi,
goh qora katakdan… farqi shuki, birovning qismatida oq kataklar
ko’proq bo’ladi, birovnikida- qora kataklar…
Oftob
Yaxshiyamki Xudo oftobni
bag’rikeng qilib yaratgan. Bo’lmasa yer yuzidagi odamlarning
illatlarini har kuni ko’raverib, allaqachon so’nib qolgan
bo’larmidi…
Orol va qit’a
Insoniyat orol emas,
qit’a bo’lib yashashni o’rgansa, ko’p balolarning oldi olingan
bo’lardi.
Baho
Odam bolasi elektr simi emaski,
birini musbat, birini manfiy desang…
Hayot falsafasi
Munkillab qolgan ammam bo’lardi. O’ta
xudojo’y kampir edi. Bolaligimda oldiga o’tkazib qo’yib, bir gapni
ko’p aytardi.
- U quloq, bu qulog’ing bilan ham eshitib ol,
bolam. Odamning u yelkasida ham, bu yelkasida ham bittadan farishta
o’tiradi. O’ng yelkangdagi farishta umr bo’yi qilgan savob
ishlaringni, chap yelkangdagisi gunohlaringni hisoblab boradi. U
dunyoga borganingda hisob-kitob qilib ko’rishadi. Savobing ortiq
bo’lsa, jannatga, gunohing ortiq bo’lsa, do’zaxga tushasan…
Savodsiz kampirning sodda falsafasida qanchalik chuqur ma’no
borligini endi tushunyapman.
Mo’tabar zot
Ayol kishiga avvalo Ona
deb qarasak, hammasi joy-joyiga tushadi.
Tosh va qum
Toshni maydalab, qumga aylantirish uchun bir
daqiqa kifoya. Ammo qumning toshga aylanishi uchun ming yil kamlik
qiladi. Do’stlik ham shunga o’xshaydi.
Bosh aybdor
Turmush sinovlariga
biz-kattalar dosh berolmasak, bolada nima gunoh? Nega bizning
aybimiz uchun go’daklar yetim qolib, aziyat chekishi kerak?
Donishmand
Nar lochin yemish topib
kelarkan. Moda lochin o’ljani polaponlariga bo’lashib berarkan.
Biron falokat bo’lib, moda lochin o’lib qolsa, nar lochin har qancha
yemish topib keltirmasin, baribir, polaponlar ochidan nobud bo’lar
ekan. Negaki, nar lochin o’ljani bolalariga burdalab berishni
eplolmas ekan…
Tabiat naqadar beshafqat, tabiat naqadar dono!
To’la va chala
Yarim haqiqat
chin bilan yolg’onning o’rtasida turadi, degan odam yanglishadi.
Yarim haqiqat hamisha chindan ko’ra yolg’onga yaqinroq turadi.
Zulm
Odamlarni qo’rqib yashashga
majbur qiladigan jamiyat- eng omonat jamiyatdir.
Munofiq
Onasini behurmat qilgan odam qo’shni kampirni yaxshi ko’raman desa,
ishonmayman. O’z xalqining tilini, madaniyatini, tarixini hurmat
qilmagan odamboshqa xalqlarningtilini,madaniyatini, tarixini hurmat
qilaman, desa ishonmayman.
“O’zbek
ishi”
Osmon baravar plan berdilar.
-Bajarasan!-dedilar.
-Bajarolmayman,-dedi.
-Bajarasan!!- dedilar.
-
Bajarmayman!!-dedi.
-Qamalasan!!!-dedilar.
Bajardi…
Bola-chaqasi ko’p edi…
Orden berdilar... Planni oshirib bajargani
uchun...
Keyin… qamadilar… Qo’shib yozgani uchun… Bola-chaqasi
ko’p edi…
Nigilist
Millatchilik juda xavfli illat. Milliy nigilizm esa undan ham
xatarli. Millatchi qo’shnisini yomon ko’radi. Milliy nigilist esa
o’zini ham yomon ko’radi!
Ona tili
Qancha ko’p tilni
bilsangiz, shuncha yaxshi. Biroq odam ona tilida tafakkur qiladi,ona
tilida tush ko’radi, ona tilida yig’laydi... o’lim oldida onasini
ona tilida yo’qlaydi...
O’jar
Haqiqatni mayib qilish mumkin, ammo o’ldirib bo’lmaydi!
Ozchilik va ko’pchilik
“
Ozchilik ko’pchilikka bo’sunadi!” yoqimli shior! Ommabop shior!
Faqat… xudo haqqi, bir narsani hech tushunolmayman: dunyoda
donolardan ko’ra nodonlar, iste’dodlilardan ko’ra iqtidorsizlar
hamisha ko’proq bo’lgan. Demak… Uzr… uyog’iga aqlim yetmay qoldi…
Afsona
Qadimiy turkiy afsona bor.
Emishki, olloh Arshi a’lodan Yerga tushibdi.
Qarasa,
kimsasiz orolda bir tola tuk yotgan emish. “Mayli,-debdi karami keng
Xudo.-Shunga ham jon ato eta qolay”. O’sha zahoti jonsiz tuk odam
qiyofasiga kiribdi. Odam bunday qarasa, Ollohning qudrati beqiyos
emish: xohlasa jonlini bejon qiladi, xohlasa bejonga jon ato etadi.
Odam o’ylab qopti. Nega Xudo xohlagan ishini qilishga qodir-u, men
qilolmayman? Nimam kam undan?!
… Shunday qilib, Odamning
ko’nglida hasad degan qora niyat paydo bo’libdi.
Ollohning qahri
kelib, farmon qilibdi:
“ Odamzot mengaki hasad qildimi,
bir-biriga omonlik bermaydi. Hasadgo’y do’zaxga kunda bo’lsin!”
O’sha-o’sha do’zax lang’illab yonarmish.
Nisbiylik
Olam shu qadar kengki,
xayolan ham qamrab ololmaysan.
Olam shu qadar torki, olgan
nafasing aks-sado beradi…
“Yaxshiga kun yo’q..”
Xalqimiz:
“Yaxshiga kun yo’q, yomonga o’lim”, deydi. Haq gap! Yomonlar
yaxshilarni o’ldirib, ularning umrini ham o’zinikiga qo’shib oladi.
Shuning uchun uzoq yashaydi.
To’rt toifa
Boshingda quyosh
charaqlab turganida izingdan qolmaydigan do’st-shunchaki do’st.
Boshingda quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga
bulut kelganida g’oyib bo’ladigan do’st-do’st emas.
Boshingda
quyosh charaqlab turganida izingdan qolmaydigan, boshingga bulut
kelganida xiyonat qiladigan “do’st”- dushman.
Boshingda quyosh
charaqlab turganida izingdan quvmaydigan, boshingga bulut kelganida
izingdan qolmaydigan do’st-haqiqiy do’st.
Oliy jazo
Afrika qabilalaridan
birida jinoyat qilgan odamni sazoyi qilish, qamab qo’yish, qatl
etish degan gaplar yo’q ekan. Tanho o’zini qabiladan haydab
yuborisharkan, xolos…
Tush
Boshimga tashvish tushsa,
bir narsadan qattiq siqilsam, onam tushimga kiradi. Quvonchli
damlarda esa, xohlasam ham na onamni, na otamni tushimda
ko’rolaman... Qiziq...
Halol va harom
Ba’zilar “halol
va harom” deganda “ yeb-ichish mumkin bo’lgan va yeb-ichish mumkin
bo’lmagan” narsani anglaydilar... yuzaki tushuncha! Aslida bu-
“qilish mumkin bo’lgan va qilish mumkin bo’lmagan” amallar degani
hamdir…
Bilasiz: non eng tabarruk ne’mat. Biroq nopok yo’l bilan
topilgan non ham harom! “Noningni halollab ye”, degan gap bejiz
aytilmagan.
Odat
Ishdan nega
kech kelganingizni surishtirsa, hayron bo’lmang.
Bo’yinbog’ingizni yechishga ko’maklashish bahonasida yoqangizni
hidlab ko’rsa, hayron bo’lmang.
Majlisda nima masala ko’rilganini
so’rasa, hayron bo’lmang.
Majlisda necha kishi qatnashganligini
so’rasa, hayron bo’lmang.
Kimning yonida o’tirganingizni so’rasa,
hayron bo’lmang.
Telefoningizning rangi qanaqaligini so’rasa,
hayron bo’lmang.
Necha kishi qo’ng’iroq qilganini so’rasa, hayron
bo’lmang.
Qayerda tushlik qilganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.
Bufet nechanchi qavatdaligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Nima
ovqat yeganingizni so’rasa, hayron bo’lmang.
Bufetchining yoshi
nechadaligini so’rasa, hayron bo’lmang.
Sizga choyni qaysi qo’li
bilan uzatganini so’rasa, hayron bo’lmang!
Boringki, oftob qaysi
tomondan chiqqanini so’rasayam hayron bo’lmang.
Qiziquvchanlik-ayolning tabiiy odati!
Kuch va adolat
Adolat Kuchga
bo’sungan yurt-vayron yurt.
Kuch adolatga bo’ysungan yurt-bo’ston
yurt.
Yaxshilik va yomonlik
O’z
fursatida qilinmagan yaxshilik- yomonlikka yo’l ochishi mumkin.
Ketmas boylik
Menda bir so’m bor. Sizda ham bir so’m
bor...
Men sizga o’zimning pulimni berdim.
Siz ham menga
o’zingizning pulingizni berdingiz…
Hech nima o’zgarmadi. Sizda
ham bir so’m pul qoldi, menda ham...
... Menda yangi bir fikr
bor. Sizda ham yangi fikr bor...
Men sizga yangi fikrimni aytdim.
Siz ham menga yangi fikringizni aytdingiz…
Sizda ham ikkita fikr
paydo bo’ldi, menda ham…
Esli odam pul almashmaydi. Fikr
almashadi.
Sevgi
Avvaliga bir-birlarini
tanimas edilar. Ularni sevgi degan g’aroyib kuch topishtirdi. Ular
ana shu kuch sehriga maftun bo’lib qoldilar.
Ajab, Sevgi hech
qachon yolg’iz yurmas ekan. Unga Hijron degan alanga ergashib keldi.
Ular ana shu alanga otashida baravar kuya boshladilar.
Nihoyat,
Hijron alangasi so’ndi-yu, sevgi Visol degan entiktiruvchi tyyg’uni
yetaklab keldi. Endi ular baxtiyor edilar.
Ajab, Sevgi hech
qachon yolg’iz yurmas ekan. Endi I Sinov degan to’siqni yetaklab
keldi. Agar ular Sevgining qo’lidan mahkam tutishganida bu to’siqdan
o’tishlari mushkul emasdi. Ammo bunday bo’lmadi. Ular sinov oldida
chekindilar.
O’rtada Shubha, Rashk degan sharpalar o’rmalab
qoldi. Shunda ular o’zlarini topishtirgan Sevgiga ilk bor ta’na
toshi otdilar.
Sevgi shunda ham ularni kechirdi. Sabot, Mehr
degan kuchlarga oshno qilishga urindi. Ammo ular Sabotni ham, Mehrni
ham unutdilar. O’zlarini topishtirgan Sevgi degan “yovuz kuch” ga
la’nat aytdilar!
Shunda… Ularning qismatiga Xiyonat kirib keldi!
Ular Sevgini ayblay-ayblay, oxiri… ajrashdilar…
Qismat
chorahasida esa uchta begunoh go’dak chirqillab qoldi. Besh yashar
o’g’il, uch yashar qizaloq va… yetim qolgan Sevgi…
Burch
Hatto bulbul ham bola ochganidan keyin sayrashni bas
qilib, polaponlariga yemish tashiydi.
Mushuk
O’zi itdan qochib, daraxtga
chiqib oladi-da, tag’in qushlarga dag’dag’a qiladi… qo’rqoq shallaqi
bo’ladi!
Olim va shoir
Hech nimaga hayron
qolmaydigan odamdan olim chiqadi.
Hamma narsaga hayratlanadigan
odamdan Shoir chiqadi!
Bozor iqtisodi
Kecha kolxozda
ketmon chopib, biri ikki bo’lmagan dehqon bugun yer olib,
bola-chaqasi bilan gullatib qo’ysa-yu, qaddini kerib yursa,
quvonaman.
Omadini bersin! Bu – bozor iqtisodi!
Kecha zavoddan
olgan maoshini qay biriga yetkazishini bilmay rangi sarg’ayib yurgan
injener bugun qo’shma korxona ochsa-yu, nest-nobud bo’lib yotgan
mevalardan sharbat olib boyib ketsa, yana quvonaman.
Qandini
ursine! Bu-bozor iqtisodi!
Kecha katalakdek xonaga tiqilib,
“eskilik sarqiti” –beshik va sandiq yasagani uchun nalugchidan
baloga qolib yurgan hunarmand bugun kattakon sex ochsa-yu, rohatini
ko’rsa, tag’in bir bor quvonaman.
Baraka topsin! Bu bozor
iqtisodi!
Kecha alifni kaltak deyolmay o’qituvchisidan dakki
eshitgan va oxir-oqibat “xudosizlar jamiyati”da qo’nim topgan
notavon bola bugun “biznesmen”bo’lsa-yu, xususiy samolyot sotib
olsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi.
Kecha buyuk
ixtirolar qilgan olimning iste’dodli shogirdi bugun ilmini tashlab,
tadbirkorga aylansa-yu, papkasiga “delavoy shartnoma” solib,
zipillab yursa, hayron qolmayman. Bu ham bozor iqtisodi!
Kecha
yurak qoni bilan doston yozgan shoir bugun o’sha dostoniga qalam
haqi olsa-yu, puli mashinka haqiga yetmasa, hayron qolmayman. Bu ham
bozor iqtisodi!
Kecha unvon olish uchun yugura-yugura betob
bo’lib qolgan chalasavod “hofiz” bugun “otarma-otar” yursa-yu,
“Yaguar” mashinasida kataysa qilsa, hayron qolmayman. Bu ham bozor
iqtisodi!
Kecha bitta rostga bitta yolg’on qo’shmasakuni o’tmagan
eshak bozorining daloli bugun “zamonaviy broker”ga aylansa-yu, uch
qavatli “dacha” solsa, hayron qolmayman.bu ham bozor iqtisodi!
Ammo kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini
to’plab “amri-ma’ruf” qilsa-yu, unga dashnom bergan o’qituvchisi
choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yo’q!
O’sha o’qituvchi
ertasiga maktabni tashlasa-yu, “Ippadrom”ga chiqib sigaret sotsa,
hayratlanmay ilojim yo’q!
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim,
bugun eng yaxshi shogirdidan ayrilgani uchun ma’yuslanib bekatda
tursa-yu, “kontrakt” bilan o’qishga kirgan birinchi kurs talabasi
“inomarka”sida unga loy sachratib o’tsa, hayratlanmay ilojim yo’q.
Olim shu ahvolda tramvayga chiqishdan iymanib, uyiga piyoda ketsa,
hayratlanmay ilojim yo’q!
Kecha eshak bozorida dalllollik qilgan
“zamonaviy broker” bugun uch qavatli dachasini “yuvsa-yu”,
chalasavod “hofiz” bir soat “hangragani” uchun boshidan dasta-dasta
“ko’ki” dan sochsalar…
Davraning bir burchida o’tirgan shoir
yurak qoni bilan yozgan g’azallari tuproqqa qorishganidan ko’ngli
o’ksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa, hayratlanmay ilojim yo’q!
O’sha davraning yana bir burchida xuddi shu “hofiz”ni bir tiyin
ta’masiz davolagan do’xtir ham o’tirgan bo’lsa-yu, “otarchi” unga
ko’zi tushib “iya, sizam shu yerdamisiz, doxtir?” deb piching qilsa…
Do’xtir esa, “ertadan boshlab o’likdan kafanlik tilaganim bo’lsin!”
deb qasam ichsa…
Hayratlanmay ilojim yo’q!
Bunaqa bozorga o’t tushib, alangasi osmonga chiqsin!!
Paxtakor
Ko’ngli- paxtasidek oppoq.
Fe’li-paxtasidek yumshoq. Mehri- paxtasidek qaynoq… faqat bitta aybi
bor: “paxta qo’yish”ni bilmaydi.
Kapalak va toshbaqa
Toshbaqa guldan-gulga qo’nib yurgan
kapalakni ko’rib g’ashi keldi.
“Bir kunlik umriga uchishini
qara!”
Kapalak toshbaqani ko’rib kuldi.
“Yuz yillik umriga
sudralib yurishini qara!”
Ko’ngil
Odam hamma narsaga
to’yishi mumkin. Boylikka… Amalga ham… Shon-shuhratga… Xudoning o’zi
kechirsin-ku, hatto… hayotga ham… Qarib-churiganida “omonatingni ola
qol, yaratgan Egam”, deydiganlar, chin dildan gapiradi…
Odam
hamma narsaga to’yishi mumkin. Faqat bir narsaga-Mehrga to’ymaydi.
Bu masalada shohu-gado barobar.
Holbuki, dunyoda bundan arzon
narsa yo’q.. bir og’iz shirin So’z, bir chimdim Mehr kimni
o’ldiribdi! Biz esa shuni ham bir-birimizdan ayaymiz...
Sharq fojiasi
Sharq ayoli bir qadar
zabun bo’lgan.
G’arb ayoli bir qadar erkin bo’lgan.
Sharq
podshosining harami bo’lgan. Haramda rasman tan olingan kanizaklar
bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta…
G’arb qirolining harami
bo’lmagan. Ammo uning rasman tan olingan jazmanlari-favoritkalar
bo’lgan. Xohlasa o’nta, xohlasa qirqta.
Sharqda to’rt nikohga
ruxsat berilgan.
G’arbda bitta nikoh tan olingan.
Sharqda
to’rt xotinning har biri o’z bolasini taxtga da’vogar qilib
tarbiyalagan.
G’arbda o’nlab favoritkalarning birontasi bolasini
taxtga da’vogar deyishga haqqi bo’lmagan.
Sharqda ne-ne
saltanatlar o’gay aka-ukalar o’rtasida xomtalash bo’lib, parchalanib
ketgan.
Ga’rbda bu muammo bo’lmagan…
Xulosa: G’arb qiroli bir
qadar dono, ayollar esa bir qadar erkin va… anchayin soda bo’lgan.
Sharq podshosi bir qadar soda, ayollar esa bir qadar zabun va …
anchayin makkor bo’lgan!
Sharqning eng katta fojiasi-rasman
qonunlashtirib qo’yilgan ko’p xotinlilik!
Qoida
Baliq boshidan sasiydi. Ammo uni dumidan tozalaydilar.
Charxpalak
Maktabimiz biqinida
ariq oqardi. Ariqda charxpalak bor edi. Katta tanafufusda
charxpalakni tomosha qilishni yaxshi ko’rardim… yog’och gardishi
ko’hna, temir paqirchalari zanglab ketgan. Parraklariga ko’kimtir
suv o’tlari yopishgan… birov yolg’ondan turtib yuborsa, rostdan
qulab ketadigandek… charxpalak nolali g’iyqillab aylanadi. Kaftida
suv ko’tarib, yuqoriga olib chiqadi… tepaga chiqib olgan suv ortiga
qaytmaydi… charxpalak ham bunga ranjimaydi. Yangidan-yangi suv
tomchilarini yuqoriga ko’tarib beraveradi… ng’iyqillaydi…
Oradan
ko’p yillar o’tib, o’sha charxpalak tushlarimga kiradigan bo’ldi.
Nega shunday bo’lganini uzoq o’yladim…
So’ng… bir haqiqatni
angladim. Men charxpalakni emas, ustozlarimni qo’msar ekanman.
Suv-suv emas, men ekanman! Charxpalak- charxpalak emas,
o’qituvchilarim ekan!
Meni-bir tomchi suvni katta hayot yo’liga
olib chiqib qo’ygan ustozlarim-charxpalak zahmatini oqlay
oldimmikan?... Bilmadim.
…Ko’hna charxpalak hamon tushlarimga
kiradi…
Bozor va mozor
Bozorda hayot
qaynaydi... mozor esa marhumlar makoni...
Bozorda shoh-shoh,
gado-gado. Mozorda esa shoh-u gado barobar...
Bozorda kun-u tun
shovqin tinmaydi. Mozor esa sukunat maskani...
Bozor bilan Mozor
bir-biridan naqadar uzoq…
Lekin…
Aqli raso odam hech qachon
Bozorni buzmaydi. Aqli raso odam hech qachon mozorni ham buzmaydi...
Aqli raso odam qay yurtga bormasin, bozorni aylanadi. Aqli raso odam
qay yurtga bormasin Mozorni ham aylanadi. Bozorga kirib, bu yurtning
moddiy boyligini ko’radi. Mozorga kirib, ma’naviy boyligiga baho
beradi...
Bozor bilan Mozor bir-birdan naqadar uzoq. Bozor bilan
Mozor bir-biriga naqadar yaqin!
Bayram chechaklari
Bugun bayram.
Ko’chalar gavjum. Sho’x- sho’x kuylar yangraydi.guras-guras odamlar
o’tadi. O’yin-kulgi, shodon shovqin bahor osmonini titratadi.
Shundoqqina yo’lka chekkasida o’tirib olgan bolakay ovozi boricha
hayqiradi:
-Gul! Kep qolinglar, gul! Atirgul. Bayram gullari!
Uning oldida bir savat gul quyosh parchasidek tovlanadi.
Gullar
har xil: oq, qizil, pushti…
Odamlar kelib gul olishadi.
Nariroqda to’nkarilgan eski paqir ustida o’tirib, rediska sotayotgan
xotin ora-chora bolaga tanbeh berib qo’yadi:
- Izdachisini
berdingmi, a’zam? Pulingga ehtiyot bo’l!
Bolakay hamon hayqiradi:
- Kelinglar! Gul olinglar. Gul!
… Bolalik yillarimni eslayman.
To’rt aka-uka edik. Dadam hammamizni baravar kiyintira olmagani
uchun, bayramga birimizga yangi do’ppi, birimizga botinka, yana
birimizga ko’ylak sovg’a qilardi. Biz bayram kelishini orziqib
kutar, shungacha yangi kiyimlarimizni har kuni bir-birimizga
ko’z-ko’z qilar, ammo kiymas edik.
Bayram kuni shaharga
tushardik. Go’yo hamma bizning yangi do’ppimizga, ko’ylagimizga
havas bilan qarayotgandek tuyulardi.
… Bugun bayram. Odamlar
guras-guras o’tadi. Chiroyli kiyingan bolalar shovqin solib
yugurishadi.
Gulchi bolakay hamon qichqiradi:
- Gul olinglar,
gul!
Boyagi xotin yana tanbeh beradi:
- Pulingga qara,
pulingga!
Bugun bayram. Qara, hammayoq bayram! Sen qachon bayram
qilasan, bolajon?! Hoy, pul joningni olgur xotin, ayt, u qachon
bayram qiladi?!
Mevali daraxt
Mevali daraxt o’ziga ishongani uchun yonida yangi nihol o’sib
chiqsa, quvonadi. To’nka o’ziga ishonmagani uchun niholga g’ashlik
qiladi. Biroq u xohlaydimi-yo’qmi, nihol o’saveradi!
Erk
Inson tabiati shu: hamma erkni orzu qiladi. Hamma
ozodlikka intiladi. Shunaqa-ku…
… Hech o’ylab ko’rganmisiz? Nima
uchun Yer kurrasi o’z o’qi atrofida nuqul bir tomonga qarab
aylanadi? Bugun bir tomonga, ertaga boshqa tomonga aylansa, nima
bo’lardi?
Nima uchun Yer o’z o’qi atrofida 24 soatda bir
aylanadi? Bugun 24 soatda, ertaga 30 soatda aylansa nima bo’lardi?
Nima uchun Zamin Quyosh atrofini uch yuz oltmish besh kun-u, olti
soatda, ikkinchi yili ikki yuz kunda aylansa nima bo’lardi?
Nima
uchun Yer kurrasi har yili 22-dekabrda Quyoshga yaqin masofaga
boradi, 22-iyunda Quyoshdan eng uzoq masofaga ketadi. Shundayam
keragidan ortiq yaqin ham bormaydi, keragidan ortiq uzoq ham
ketmaydi?
Bu qonunlarni, aniqrog’i, qonuniyatlarni kim yaratgan?
Olloh emasmi?
Inson esa Ollohning bandasi emasmi?
Mutloq erkin
orzu qilish Tangriga ham xush kelmaydi...
Ilk muhabbat
Ilk muhabbat
bahor osmonidagi bulutga o’xshaydi. Oppoq. Pokiza. Shaffof... Na
qo’lingiz bilan tutasiz. Na ortidan yugurib yetasiz... Shamol uni
qayoqqa olib ketishini ham bilmaysiz...
Birinchi muhabbat
ko’pincha natijasiz tugashi balki shundandir...
Sinov
Bir narsani ko’p kuzatdim. Ona ovqatga o’tirgan
zamon chaqaloq yig’layveradi. Keksalar, bunaqa paytda bolani shayton
chimchilaydi, deydilar. Bilmadim... Xudoning o’zi kechirsin-ku,
menimcha gap shaytonda emas. Bu- tangrining ona mehrini sinash
usullaridan biri bo’lsa ajabmas...
Sham
yonmasa..
Erkak bilan ayol munosabatida aybni nuqul
erkakdan izlash insofdan emas.
Sham yonmasa, parvona yaqin kelmaydi.
Qirq jon
Xotin kishining joni qirqta bo’ladi, desalar
ajablanmang. Negaki u bitta jonni o’ziga olib qolib, o’ttiz
to’qqiuztasini farzandlariga beradi...
Sodda va buyuk
Qadimgi musavvirlar
farishtani g’odak qiyofasida tasvirlagani bejiz emas. Bola shu qadar
soddaki, biz uning darajasiga tusha olmaymiz. Bola shu qadar
buyukki, biz uning darajasiga yetolmaymiz!
Qo’g’irchoq
Bu odam loydan yasalgan
qo’g’irchoqqa o’xshaydi. Zamon sal o’zgarsa, boshidan jinday suv
quyadi-da, loyini iylab-iylab, o’zini qaytadan yasab, boshqa
qiyofaga kirib oladi…
Qattiqroq yomg’ir yog’sa, balchiqqa aylanib
ketadi-yov!
Aql va mansab
Aql bilan mansabga
erishishish mumkin. Mansab bilan aqlga erishib bo’lmaydi.
Yeb to’ymagan-yalab to’ymas
Qadim zamonda ko’zi ojiz odam
bo’lgan ekan. Albatta, ko’zi ojizlik ayb emas… Xullas o’sha odam
tirikchiligi tang ahvolda qolgach o’ziga o’xshash so’qir bir
tilanchiga shogird tushibdi. Gadoylik hunarining sirini o’rgatishni
so’rabdi.
- Bu hunarning uchta qoidasibor,-debdi ustozi.- Qayerda
bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham, kimdan bo’lsa ham olaverasan!
Oradan ko’p yillar o’tibdi. Ustoz tilanchi hammomning issiq xonasida
mudrab o’tirsa, yonbosh tomondan ovoz kepti:
- Xayr qili-i-ing!
-Esing joyidami?-debdi ustoz tilanchi. –Hammomda ham sadaqa
so’raydimi?
-Qayerda bo’lsa ham!-debdi boyagi ovoz.
Ustoz
tilanchining achchig’i chiqibdi.
-Qanaqa betamizsan, yalang’och
odamda pul nima qilsin?
- Qancha bo’lsa ham!
Ustoz tilanchi
shogirdining ovozidan tanib qolibdi.
- Hoy, badbaxt! Kelib-kelib
o’z ustozingniham shilasanmi?
- Kimdan bo’lsa ham!-debdi shogird
tilanchi...
Albatta, poraxo’r tilanchi emas. Poraxo’r avvaliga
o’zini tiyib yuradi. “Insof” bilan oladi. Ammo bora-bora qayerda
bo’lsa ham, qancha bo’lsa ham, kimdan bo’lsa ham olishga o’rganadi.
Va... oxiri hammomga yalang’och kiradi... tag’in kim bilsin...
Qarib-churuguncha umrguzaronlik qiladiganlari ham oz emas shekilli.
O’rtadagi odam
O’rtadagi odamga
havas qilmang. Ham bolg’adan zarba yeydi, ham sandodndan.
Teskari haqiqat
Odam qancha ko’p qiziqsa, shuncha ko’p
o’qiydi. Qancha ko’p o’qisa, shuncha ko’p biladi. Qancha ko’p bilsa,
yashashi shuncha qiyin bo’ladi.
Savob va gunoh
Odamzotning tabiati
qiziq: o’zining tariqdek savobi-tarvuzdek, tarvuzdek gunohi-tariqdek
tuyuladi...
Aldov
Biz
hammamiz-yolg’onchilarmiz. Ayting, qaysi biringiz aqalli biron marta
go’dakka yolg’on gapirmaganman, deya olasiz? Go’dakni aldash eng
katta yolg’ondir!
Hamma ona- bir ona
Amerika bilan
O’zbekiston orasi o’n besh ming chaqirim. Avstraliya bilan Kanada
orasi yigirma ming chaqirim. Ammo amerikalik senatorning xotini o’z
farzandini o’zbekistonlik dehqonning xotinidan kamroq yaxshi
ko’rmaydi. Avstraliyalik aborigen ayol o’z farzandini kanadalik
millioner ayoldan ko’proq yaxshi ko’rmaydi.
Buzilgan nikoh
Uyni qonuniy
bo’lishdingiz...
Mol-mulkni qonuniy bo’lishdingiz...
Muhabbat bo’laklandi...
Sadoqat bo’laklandi...
Bola-chi? Bolani qaysi qonun bilan
bo’lashasiz? Onasi bilan bo’lsa, otasiz qolsa. Otasi bilan bo’lsa,
onasiz qolsa... Yaxshisi, uniyam ikkiga bo’ling! Bir nimtasi-erga!
Bir nimtasi-xotinga!
Qani ko’taring boltani, bolaning uvoli
tutgurlar!
Eng sayroqi qush
Bulbulning
erkagi sayraydi. Odamning-ayoli.
Notavon
U xo’-o’-o’p o’qimishli,
xo’-o’-o’p bilmdon, xo’-o’-o’p olim odam. Faqat bitta “juz’iy”
kamchiligi bor: chin dildan kulolmaydi, chin dildan yig’lolmaydi...
Tomsuvoq
Qishloqda kuz pallasi
tomsuvoq qilish udumi bo’lardi. Uning yozilmagan qoidasi bor.
Birinchidan, hech kim tomini yolg’iz o’zi suvamaydi:hamma hasharga
keladi. Ikkinchidan: beva-bechora, qo’li qisqa xonadonning uyi eng
avval tomsuvoq qilinadi.keyin, navbatma-navbat davom etaveradi…
O’qituvchimizning hashariga ayniqsa ko’p odam yig’ildi. Uyi katta
yo’l yoqasida edi. Shundoq ko’cha chetidan loyhandaq qazilgan ekan.
Somon, katta yo’lning ko’pchib yotgan tuprog’iga qovushib, obdon
yumshabdi. O’qituvchimizning Azim aka degan qo’shnisiishboshi
bo’ldi. Birov handaqqa tushib loy soberib turdi, birov paqirlab loy
tashiydi, yana birov tomda turib, ilgak bilan tortib oladi, boshqasi
hafsala bilan suvaydi…
Erta peshindayoq hamma ishni qoyil qilib
tashladik. Hovli o’rtasidagi tut tagida ovqatlanib o’tirsak,
o’qituvchimning keksa onasi kelib qoldi. (Keyin eshitsak, bir hafta
avval ko’zi yorigan qizinikiga ketgan ekan).
Kampir hassasini
do’qqillatib, to’ppa-to’g’ri o’qituvchimizning oldiga bordi.
-
Nima qilding?- dedi o’g’lining salomiga alik ham olmay.- Nima ish
qilib qo’yding?!
Hammamiz hayron bo’lib qoldik. Muallim
o’quvchilarining oldida ayniqsa mulzam bo’ldi, shekilli, qizarib
ketdi.
- Nima qipman, oyi?-dedi ko’zlarini pirpiratib.
-Dard!-kampir hassasi bilan yerninuqidi.- Sanga qachon aql kiradi,
nodon bola!- Keyin azim akaga yuzlandi.- Bu-ku ahmoqlik qilishga
qipti, siz qayoqda edingiz? Nega ko’chadan loy qildilaring?!
Ko’chaning tuprog’iga tegib bo’ladimi, nobakor! Ko’pchilikning
haqi-ku bu!- Bir zum harsillab turdi-da, to’satdan yig’lab yubordi.-
Man yurtning haqiga suvalgan tom tagida turmayman!- Shunday dedi-yu,
supa labiga borib, ters o’tirib oldi…
… Hammamiz qaytadan tomga
chiqdik… Suvoq qilishdan ko’ra loyni ko’chirish qiyin bo’larkan.
Bitta qoldirmay, qirtishlab, tomdan tushirdik. Paqirlab tashib,
ko’chadagi loyhandaqni to’ldirib qo’ydik…
… Oradan yillar o’tib,
kampir ko’z yumganida tumonat odam uni o’sha ko’chadan so’nggi
manziliga ko’tarib bordi…
Ko’cha tuprog’i iliq edi… Mayin edi…
Qarz
Bolam bemehr chiqdi, deb, ko’p
ham o’kinmang. Balki, sizga adolatsizlik bo’lib tuyulayotgan
narsaning o’zi adolatdir… Siz ota-onangizdan olgan qarzni bolangizga
berasiz. Bolangiz o’zining bolasiga… Hayot zanjiri uzulmasligi
kerak-ku…
Qizilishton
Bola
edim… Kuz edi… so’rida dars qilib yotibman. Ammam bir burchakda
mudrab o’tiribdi... Osmonda mezonlar uchadi. Qondek qizargan tok
barglari ohista chayqaladi. O’rik xazonlari unsiz pirpirab
to’kiladi. Bog’ tomondan yakkash bir sado keladi: “tuk-tuk-tuk,
tuk-tuk-tuk”. G’ashga tegadi. Xayolingni qochiradi… oxiri bo’lmadi,
ammamdan so’radim:
- Nima, u, amma?
Ammam chochib, ko’zini
ochdi.
- Nimani so’raysan, bolam?
-Anavi
to’qillatayotganni-da, nima o’zi?
Ammam bir zum quloq solib
turdi. Keyin nosini tupurib, jilmaydi.
- Qizilishton-ku!
-Nega
hadeb to’qillatadi? Jonga tegdi-ku?
- Unaqa dema, bolam,- dedi
ammam xo’rsinib.- Xudo uni shunga yaratgan, daraxtning qurtini yeb
tozalaydi...- Uzoq jim qoldi-da, qo’shib qo’ydi.- Qaniydi, Olloh
odamzotning ko’nglidagi qurtlarni tozalaydigan shundoq jonivor
yaratsa. Hamma jannatga tusharmidi...
Omonatga xiyonat
Umr tangrining
odamzotga o’lchab bergan omonatidir. Biz esa ko’pincha, uni behuda
o’tkazib, omonatga xiyonat qilamiz.
Yovvoyilar
Mo’g’ullar Movarounnahrni bosib, qirg’in
qilganida bir ayol tirik qolishning
yo’lini topibdi. Bosqinchiga aytibdi:
- Men bahosi yarim jahonga
teng bir gavharni yutib yuborganman. Meni o’ldirmay, uch-to’rt kun
sabr qilsang...
Shunda mo’g’ullar o’sha qishloqdagi hamma
xotinlarning qornini yorib, gavhar izlagan ekan...
Sho’rlik
yurtim! Ne balolar kechmadi boshingdan!
Mehr
Quyosh buloq suviga ham,
mag’zavaga ham baravar nur sochaveradi.
Yer chuchmomani ham,
chaqirtikanakni ham baravar o’stiraveradi.
... Ota-onaga bolaning
yaxshi-yomoni yo’q...
Ilon
Ko’p yillar avval Missisipi
sohillarida dunyodagi eng katta ilon-anakondani tutib o’ldiribdilar.
Uzunligini o’lchayman, deb harchand urinsa ham eplay olmabdilar.
Ilonning jasadi, nuqul buklanib qolarmish...
Odamlar ham qiziq.
Muttasil egri yurgan mahluq o’lganidan keyin to’g’ri bo’ldi nima-yu,
bo’lmadi nima?
Yo’qchilik va to’qchilik
Bir
narsaga hech tushunmayman: kitob o’qiydiganlarda pul yo’q. Puli
ko’plar kitob o’qimaydi.
Tebranma dunyo
Mehr-yaxshilik,
qahr-yomonlik belgisi, degan gap bor...
Teskarisi bo’lsa-chi?
Tasavvur qiling. Bir nomard, begunoh odamni
o’ldirdi. Siz mehr ko’rgizib, uni jazodan saqlab qoldingiz. U
ertasiga boshqa bir begunohni o’ldirdi. Sizning mehringiz
yaxshilikka emas, yomonlikka sabab bo’ldi…
Dunyoda soat
kapgiridek tebranib turadigan haqiqatlar ham bo’ladi…
Ildiz
Nuqul o’tmishidan noliydigan odam kelajagini barbod
qilishi mumkin. O’z ildizini inkor qilgan daraxt qurib qoladi.
O’lchov
Umr o’lchovi yolg’iz Ollohga, mazmuni esa ko’p
jihatdan insonning o’ziga bog’liq.
Bolalik va keksalik
Bolalikda dunyo keng-u kiyim tor.
Keksayganda kiyim keng-u dunyo tor…
Odob
Farzandga oson tutmang.
Otaning yuziga tik qarolmaydi.
Otaga oson tutmang. Farzandiga
dardini ayta olmaydi.
Aql yoshda emas
Yoshligida aqli
raso odam keksayib, “annaqaroq” bo’lib qolishi mumkinmi-yo’qmi,
unisini bilmadim-ku, ammo yoshligida “annaqaroq” odam keksayganda
aqli raso bo’ladi, desalar... Bilmadimov.
Tiriklar va o’liklar
Vaqti-vaqti
bilan qabristonga borasiz. Ajdodlaringiz boshida turib o’tganlar
ruhini xotirlaysiz... Keyin... o’z yumushingiz bilan ketasiz.
Shoshilmang. Dunyo ishi bitganmas... iloji bo’lsa, qabristonni
osoyishta aylaning. Shunda... g’alati holat ro’y beradi. Marhumlar
sizga ko’-o’-o’p narsalarni aytadi...
Ishoning, o’liklar
tiriklardan ko’ra teranroq fikrlaydi...
Ne’mat
Ayollar! Yig’lab
ko’nglingizni bo’shatishdek ne’matni ato etgani uchun Yaratganga
shukronalar qiling!
Majnuntol va qamish
Majnuntolning
bosh egib sukut saqlashi donoligi va chayirligidan.
Qamishning
g’oz turib shovullashi nodonligi va mo’rtligidan... qiziq, ikkalasi
ko’pincha yonma-yon o’sadi...
Nur va
soya
Olloh insonni eng mukammal, eng mukarram zot qilib
yaratgan. Bas shunday ekan, yomon odamlar qayoqdan paydo bo’ladi?
Nachora nur bor ekan, soya ham bo’laveradi. Buyog’I o’zingizga
bog’liq: xohlang nur bo’ling, xohlang-soya…
Oy va quyosh
Oy quyoshdan
nur oladi. Quyosh qancha yorqin porlasa, oy shuncha tiniqlashadi.
Erkak qancha mehr bersa, ayolning husni shuncha ochiladi…
Jinoyat
O’z ko’nglidagi mehrni
o’ldirish odam o’ldirishdan og’irroq jinoyatdir. Negaki har qanday
razillik bemehrlikdan boshlanadi.
Boy
va kambag’al
Boy gerdaysa-salobat. Kambag’al ta’zim
qilsa-xushomad.
Boy gapirsa-donolik. Kambag’al sukut
saqlasa-nodonlik.
Boy “Mersedes” olsa-kamtarlik. Kambag’al
velosiped olsa-manmanlik.
Boy jinoyat qilsa-“sho’xlik”. Kambag’al
sho’xlik qilsa-jinoyat.
Boy o’lsa-motam. Kambag’al
o’lsa-“bandalik”...
Amalparast
Echkidek amalga
mingan edi, fil ustida o’tirgandek bosar-tusarini bilmay qoldi.
Amaldan tushganida fildan yiqilganidek suyaklari sochilib ketmasa
deb qo’rqaman!
Mahalliychilik
Mahalliychilik-millatchilikning nikohsiz tug’ilgan bolasi,
shovinizmning nikohsiz tug’ilgan nevarasidir!
Biri kam dunyo
Bola
tug’dirganlarning hammasi ham Ota bo’lavermaydi.
Bola
tuqqanlarning hammasi ham Ona bo’lavermaydi.
Bolaning hammasi ham
farzand bo’lavermaydi…
Ustoz
Ustoz otangdan ulug’,
deganlari bejiz emas, Ota hayot beradi. Ustoz esa yashashga
o’rgatadi. Tug’ilish oson, yashash qiyin…
Husn
Yo’lbars boshqa ov topolmasa, daraxtning pastak
shoxiga qo’nib turgan tovusni dumidan tutib yer ekan… Ortiqcha husn
boshga bitgan balo bo’ladi, deganlari shu bo’lsa kerak…
Ilg’or tajriba
Odamlar “bozor munosabati” ni baliqdan
o’rgangan. Kattasi kichigini yeyaveradi...
Adolat
Adolat bitta bo’ladi, deyish
soddalikdir. Adolatning qiyofasi ming xil bo’lishi mumkin. Bu-unga
qayoqdan qarashga bog’liq.
Xazina
Dunyoda eng bebaho, ammo hamisha tekinga tarqatiladigan xazina bor.
Bu- Ona mehri...
Do’st
Do’st degani daraxt yaprog’iga
o’xshaydi. Bahor chog’i-behisob. Kuz kelganda-sanoqli. Yoshlik
chog’i-behisob. Keksayganda-sanoqli...
Vatan tuyg’usi
Qaysi yurtda non
arzonroq bo’lsa, o’sha yerga ko’chib yuradigan odamda Vatan tuyg’usi
bo’lmaydi.
Dono va nodon
Dono nodondan o’zini
bir pog’ona quyi tutsa, hayron bo’lmang. Taroning yukli pallasi
bo’sh palladan pastroqda turadi.
Orzu
Qani endi, qaytadan go’dakka aylanib qolsang-da, o’ylaganingni
qo’rqmasdan aytaversang.

